04/10/2024

Germaniyada magistratura

Germaniyada ta’lim oling.

Germaniyada ta’lim olish ko’pgina yoshlarning orzusi. Lekin nimadan boshlash kerak? Qaysi yo’nalishda va qaysi tillarda o’qish mumkin? Shunga o’xshash savollar bizni ozgina qo’rquvga solishi ham bu turgan gap. Germaniyada ta’lim olish bu ushalmaydigan orzu emas, ishonavering. Bundan ikki yil oldin, o’zim shu aytgan muammolarni boshdan kechirganman. Germaniyada magistratura o’qish to’g’risida o’zbek tilida umuman ma’lumot topa olmagan edim. Nasib qilib Germaniyaga o’qishga ketsam, albatta o’zbek tilida Germaniyaga o’qishga topshirish va Germaniyaga ketish yo’llari haqida maqola yozaman deb niyat qilgandim. Mana bugun shu niyatimni amalga oshiryapman. Umid qilamanki menga o’xshab Germaniyada ta’lim olmoqchi bo’lgan yoshlarga ushbu maqolam albatta as qotadi.

Magistratura.

  1. Bakalavr diplomi
  2. Til bilish darajasi sertifikati.( Nemis tili kamida B2 yoki ingliz tili Ielts 6,5)

Yuqoridagilar sizning qo’linggizda bo’lsa, nemis oliygohiga qabul qilindim deyavering. Har bir oliygohning o’z qabul qilish tartibi bor. Lekin barchasida shu ikkita hujjat asosiy rolni o’ynaydi. Ayrim Universitetlar sizdan qo’shimcha tarjimai hol, motivatsiya xati va shunga o’xshash hujjatlar ham so’rashi mumkin. Oliygohlarning to’liq ro’yhati va talablarini quyidagi link orqali topasiz: Universitetlar ro’yhati nemis tilida. 

Universitet tanlash bo’yicha maslahatlar

O’z tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, qancha erta harakatni boshlasangiz shuncha yaxshi. Iloji boricha bakalvrni qaysi yo’nalishda tamomlagan bo’lsanggiz, shu yo’nalish yoki shunga o’xshashiga hujjat topshiring. Sizda shunda qabul jarayonida hech qanday muammo bo’lmaydi. Oliygohlarni tanlash ham oson ish emas. Maslahatim kichikrok shaxarlarni tanlang. Chunki kichikroq shaxarlarda o’qishga kirish imkoniyati katta va yashash ham ancha arzonroq. Uncha katta va ko’pchilik hattoki nomini eshitmagan oliygohlarda ham o’qish sifati xuddi siz biladigan FU Berlindagidan farq qilmaydi va olgan diplominggiz bilan Yevropada hech qiyinchiliksiz ish topasiz. Misol qilib hozirda o’zim tahsil olayotgan Bamberg shaxridagi Otto Friedrich Universitetini keltirishim mumkin.  Juda ko’pchilik katta shaxarlarga intiladi, lekin katta shaxarlarda turar joy va yashash ham anchagina qimmat. Talabgor ko’p bo’lgani uchun qabul ham shunga yarasha qiyinroq bo’ladi.

Hujjat topshirish tartibi va muddatlari

Odatda hujjat topshirish ikki xil usulda amalga oshiriladi. Universitetlarga to’g’ridan to’g’ri hujjat topshirish va uni-assist tashkiloti orqali. Ko’p oliygohlar uni-assist tashkiloti bilan hamkorlikda ishlashadi, chunki bu ularning ishini anchagina yengillashtiradi. Uni-assist haqida to’liq ma’lumotlar yaqinda saytimizda albatta chop etiladi. Sizning holatinggizda qaysi yo’l orqali hujjat topshirish, bu siz tanlagan oliy o’quv yurtiga bog’liq. Tanlagan Universitetning saytidan bu haquda aniq ma’lumot topasiz. Iloji boricha to’g’ridan to’g’ri hujjat qabul qiladigan Universitetlardan birini tanlang. Bu sizni ortiqcha sarfxarajat va vaqt yutqazishdan saqlaydi. 

Qachongacha hujjat topshirishim mumkin?

Germaniyada o’qish yilda ikki marta boshlanadi, qishgi va yozgi semestrlarda. Wintersemester ya’ni qishki semestr odatda 1-oktyabrdan boshlanadi va hujjat topshirish ko’pincha 15-iyulgacha qilib belgilangan. Yozgi semestr, Sommersemestrga hujjat topshirish esa 15-yanvargacha davom etadi va o’qish odatda 1-apreldan boshlanadi. Bu ko’pgina oliy o’quv yurtlari uchun, lekin hammasida ham shunaqa degani emas. Shuning uchun o’zinggiz tanlagan Universitetning saytidan ham tekshirib ko’ring. Bakalavr uchun ham ushbu muddatlar amal qiladi. Germaniyaning har bir Universitetida chet ellik talabalar bilan ishlaydigan bo’lim bor. Siz bemalol ularga e-mail yozib bog’lanishinggiz mumkin. E-mail yozganda iloji boricha aniq savollar bering.. Chunki ,,qanaqa qilib Germaniyaga borsam bo’ladi” yoki ,,Sizlarda o’qish uchun nima qilay” degan savollaringgizga javob odatda kelmaydi, shuni yoddan chiqarmang.

Umid qilamanki ushbu maqola sizga ozgina bo’lsa ham yordam berdi.  Orzularinggizni amalga oshirish o’z qo’linggizda. Ushbu maqolamni o’qib turgan har bir hamyurtim bilan Germaniyada ko‘rishish bu men uchun baxtdir. Shunday ekan harakatni hozirdanoq boshlang!!! 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.